Fimoz nima?
Tugʻilganda deyarli barcha oʻgʻil bolalarda kertmak (sunnat terisi), yaʼni jinsiy olat boshini oʻrab turuvchi teri, olat boshiga yopishgan boʻladi va orqaga surilmaydi. Bu meʼyor: kertmakning olat boshiga yopishib turishi fiziologik holat, teri uchidagi halqaning chandiqsiz torligi esa fiziologik (normal) fimoz deyiladi; ular koʻpincha birga uchraydi. Bola oʻsgan sari teri ostida smegma toʻplanadi, ereksiyalar va gormonlar terining asta-sekin ajralishiga yordam beradi.
- 1 yoshda oʻgʻil bolalarning taxminan 50%ida,
- 3 yoshda taxminan 90%ida kertmak qisman yoki toʻliq orqaga suriladi.
Baʼzi bolalarda bu jarayon oʻsmirlik yoshigacha davom etadi va bu ham meʼyor.
Patologik fimoz esa teri uchining chandiqli, oq, qattiq halqa koʻrinishida torayishidir. Eng koʻp uchraydigan sabablari skleroatrofik lixen (lichen sclerosus, balanitis xerotica obliterans) va kuch bilan ochish natijasida paydo boʻlgan yoriqlar.
Normal fimozmi yoki muammo?
Kichik oʻgʻil bolalarda kertmakning ochilmasligi koʻpincha meʼyor. Muammo teri chandiq bilan torayganda boshlanadi.
Shoshilinch: kertmak orqaga surilib qolgan va jinsiy olat boshi shishgan boʻlsa (parafimoz), darhol shifokorga murojaat qiling.
Qachon muammo hisoblanadi?
Davolash quyidagi hollarda kerak:
- takroriy balanopostit (jinsiy olat boshi va kertmakning yalligʻlanishi),
- siydik yoʻllari anomaliyasi bor bolada takroriy siydik yoʻllari infeksiyasi,
- siyishning qiyinlashishi, ingichka siydik oqimi va siyganda ogʻriq,
- terining oq, chandiqli koʻrinishi,
- oʻsmirda ereksiya paytida ogʻriq va terining yorilishi.
Nega kuch bilan ochish mumkin emas?
Kertmakni kuch bilan orqaga surish terida mayda yoriqlar hosil qiladi. Bu yoriqlar chandiq bilan bitadi va natijada normal fiziologik fimoz haqiqiy, chandiqli fimozga aylanadi. Bundan tashqari, kuch bilan surilgan teri joyiga qaytmasligi va parafimozga sabab boʻlishi mumkin.
Kundalik gigiyena uchun terini faqat oʻzi bemalol ochilgan darajada yengilgina surib, suv bilan yuvish kifoya.
Davolash
Fimozni krem bilan davolash (kortikosteroid krem)
Bu birinchi tanlov davosi. Shifokor buyurgan mahalliy kortikosteroid krem odatda kuniga 2 marta 4–8 hafta davomida kertmakning tor uchiga surtiladi, bir vaqtning oʻzida teri juda yengil orqaga suriladi. Bolalarning 80–90%ida teri kengayadi. Davolashdan keyin teri muntazam ravishda yengil ochib turilmasa, torayish qaytalanishi mumkin.
Operatsiya
Krem yordam bermasa yoki terida chandiq boʻlsa:
- Xatna (sunnat) eng ishonchli davo, ayniqsa skleroatrofik lixenda.
- Preputsioplastika: terini saqlab qolishni istagan oilalar uchun tor halqa kesilib, kengaytiriladi.
Qachon zudlik bilan murojaat qilish kerak?
Quyidagilardan biri boʻlsa, navbatdagi qabulni kutmang: shifokorga qoʻngʻiroq qiling yoki eng yaqin shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga boring.
- Kertmak orqaga surilib, joyiga qaytmayapti, jinsiy olat boshi shishib ketgan (parafimoz)
- Bola siya olmayapti
- Jinsiy olat uchidan yiringli ajralma, qizarish va isitma
Pediatr va oilaviy shifokor uchun eslatma
Fiziologik fimoz goʻdaklik va erta bolalik davrida meʼyor hisoblanadi; siyish paytida sharsimon shishish, smegma “marvaridlari” va yengil yopishmalar davolashni talab qilmaydi. Davolashga koʻrsatmalar: takroriy balanopostit, siydik yoʻllari anomaliyasi bor bolada takroriy siydik yoʻllari infeksiyasi, oʻsmirda ereksiya paytida ogʻriq, oq, qattiq, chandiqli teri: skleroatrofik lixen (lichen sclerosus, BXO). BXO boʻlmagan simptomatik fimozda birinchi tanlov 4–8 haftalik mahalliy kortikosteroid; BXOga shubha boʻlsa, bolalar urologi baholaydi, tasdiqlangan BXOda xatna va keyingi kuzatuv rejalashtiriladi. Kertmakni kuch bilan orqaga surish mumkin emas.
Qabulda nima qilinadi?
- Kertmakning koʻrinishi, qay darajada ochilishi va chandiq bor-yoʻqligi baholanadi.
- Shikoyatlar (infeksiya, siyishdagi qiyinchilik, ogʻriq) soʻraladi.
- Zarur boʻlsa, krem bilan davolash oʻrgatiladi, kamdan-kam hollarda operatsiya rejalashtiriladi.
Koʻp beriladigan savollar
Siyganda kertmak shardek shishib chiqadi. Bu xavflimi?
Siydik normal oqsa va bola ogʻriq sezmasa, bu kichik bolalarda odatiy holat, teri kengaygan sari oʻtib ketadi.
Teri ostida oq, marvaridga oʻxshash tugunchalar koʻrinadi.
Bu smegma: teri ostida toʻplanadigan tabiiy oʻlik hujayralar. Zararsiz, kertmak ochilgan sari oʻzi chiqib ketadi. Uni siqish yoki tozalashga urinish kerak emas.
Krem bilan davolash xavfsizmi?
Ha. Shifokor buyurgan mahalliy kortikosteroid oz miqdorda, qisqa muddat faqat kertmak uchiga surtiladi va organizmga sezilarli darajada soʻrilmaydi.
Mavzuga oid
- ParafimozKertmakning jinsiy olat boshini siqib qolishiKasallik
- BalanopostitJinsiy olat uchining qizarishi va shishishiKasallik
- XatnaSunnat, xatna operatsiyasi, estetik xatnaOperatsiya
- Siydik yoʻllari infeksiyasiSiydik pufagi yalligʻlanishi, sistit, SYIKasallik
- Yashirin jinsiy olatKoʻmilgan jinsiy olat, kichik koʻrinadigan olatKasallik
- Kertmak (sunnat terisi): fimoz, balanopostit va xatnaShifokorlar uchun
Manbalar
Ushbu sahifa maʼlumot berish maqsadida tayyorlangan. Bolangizni davolash haqidagi qaror koʻrikdan soʻng shifokor bilan birgalikda qabul qilinadi.
Yangilangan: