Gidronefroz nima?
Buyrakda hosil boʻlgan siydik avval kosachalarga, keyin buyrak jomiga yigʻiladi, soʻng siydik nayi (ureter) orqali siydik pufagiga tushadi. Gidronefroz shu yigʻuvchi tizimning, yaʼni jom va kosachalarning kengayishidir. Agar faqat jom kengaygan boʻlsa, UTT xulosasida koʻpincha “pieloektaziya” deb yoziladi. Xalq orasida buni “buyrakda suv yigʻilishi” deyishadi.
Gidronefroz kasallikning nomi emas, UTTda koʻrinadigan topilmadir. Uning ortida butunlay zararsiz, oʻz-oʻzidan oʻtib ketadigan holat ham, jarrohlik davosini talab qiladigan torayish yoki reflyuks ham turishi mumkin. Shuning uchun asosiy savol kengayish bor yoki yoʻqligida emas, balki u nima sababdan paydo boʻlgani va buyrakka zarar yetkazayotgan-yetkazmayotganida.
Bu bolalar urologiyasidagi eng koʻp uchraydigan topilmalardan biri: homiladorliklarning taxminan 1–4,5%ida homila UTTsida buyrak yigʻuvchi tizimining kengayishi koʻrinadi.
Gidronefroz sabablari
- Oʻtkinchi (fiziologik) kengayish. Eng koʻp uchraydigan holat. Hech qanday toʻsiq yoki reflyuks boʻlmaydi, kengayish vaqt oʻtishi bilan kamayadi va yoʻqoladi.
- Pieloureteral segment (PUS) torayishi. Jom siydik nayiga oʻtadigan joydagi torayish. Operatsiya talab qiladigan gidronefrozning eng koʻp uchraydigan sababi.
- Vezikoureteral reflyuks. Siydikning siydik pufagidan orqaga, buyrakka qaytishi.
- Megaureter. Siydik nayining oʻzi kengayishi, koʻpincha uning pastki uchidagi torayish tufayli.
- Buyrak ikkilanishi va ureterotsele.
- Orqa uretra klapani. Oʻgʻil bolalarda siydik chiqarish kanalidagi tugʻma parda. Odatda ikki tomonlama kengayish va devori qalin siydik pufagi bilan namoyon boʻladi va erta davolashni talab qiladi.
- Multikistoz displastik buyrak. UTTda baʼzan gidronefroz bilan adashtiriladi.
UTTda jom va kosachalarning kengayishi: raqamlar nima deydi?
Qisqacha: tugʻilgandan keyin boshqa oʻzgarishlarsiz jomning 10 mm dan kam kengayishi meʼyor hisoblanadi, 10 mm va undan koʻp, lekin 15 mm dan kam kengayish past xavf guruhiga kiradi, 15 mm va undan koʻp kengayish, chekka kosachalarning kengayishi yoki parenximadagi oʻzgarishdan birortasi boʻlsa, chuqurroq tekshiruv kerak.
UTTda eng koʻp oʻlchanadigan koʻrsatkich buyrak jomining oldingi-orqa oʻlchami (APD, millimetrda). Lekin bitta shu raqam qaror qabul qilish uchun yetarli emas: kosachalarning kengayishi, buyrak toʻqimasining (parenximaning) qalinligi va koʻrinishi, siydik nayi va siydik pufagining holati birga baholanadi.
Tugʻilgandan keyin (48 soatdan soʻng) UTD tasnifi quyidagicha:
| Guruh | Quyidagi topilmalardan istalgan biri | Qolgan koʻrsatkichlar |
|---|---|---|
| Meʼyor | APD < 10 mm, kosachalar kengaymagan | Parenxima, siydik nayi va siydik pufagi meʼyorda |
| P1 (past xavf) | 10 ≤ APD < 15 mm yoki markaziy kosachalarning kengayishi | Parenxima, siydik nayi va siydik pufagi meʼyorda |
| P2 (oʻrta xavf) | APD ≥ 15 mm, chekka kosachalarning kengayishi yoki siydik nayining kengayishi | Parenxima va siydik pufagi meʼyorda |
| P3 (yuqori xavf) | Parenximaning yupqalashuvi yoki tuzilishining oʻzgarishi, siydik pufagidagi oʻzgarishlar | APD istalgan oʻlchamda boʻlishi mumkin |
Guruh eng ogʻir topilmaga qarab belgilanadi: masalan, APD 12 mm boʻlsa ham, siydik nayi kengaygan boʻlsa, bu P2.
Markaziy kosachalarning kengayishi oʻz-oʻzidan ogʻir daraja degani emas: APD 15 mm dan kam (hatto 10 mm dan kam) boʻlsa va boshqa topilma boʻlmasa, bu P1. Homiladorlikda chegaralar boshqacha: 16–27-haftalarda 4 ≤ APD < 7 mm, 28-haftadan keyin 7 ≤ APD < 10 mm boshqa oʻzgarishlarsiz past xavf (A1) hisoblanadi; kattaroq oʻlcham (16–27-haftalarda APD ≥ 7 mm, 28-haftadan keyin APD ≥ 10 mm) yoki qoʻshimcha topilmalar xavf oshgan guruh (A2–3) hisoblanadi.
Bu xalqaro UTD tasnifiga asoslangan soddalashtirilgan jadval; toʻliq tasnif UTTning barcha topilmalarini birga baholaydi va yakuniy qarorni shifokor qabul qiladi. Oʻz natijangizni gidronefroz oʻlchovi vositasi yordamida taxminiy baholab koʻrishingiz mumkin.
SFU darajalari
Homila urologiyasi jamiyatining (Society for Fetal Urology, SFU) tizimi koʻp mamlakatlarda hozirgacha standart sifatida qoʻllaniladi va UTT xulosalarida tez-tez yoziladi. Bu tizim jomning oʻlchamiga emas, jom va kosachalarning koʻrinishiga hamda parenximaning qalinligiga asoslanadi:
| Daraja | Jom va kosachalar | Parenxima | Nimani anglatadi |
|---|---|---|---|
| SFU 0 | Kengayish yoʻq | Meʼyorda | Meʼyor |
| SFU I | Faqat jom biroz kengaygan, kosachalar koʻrinmaydi | Meʼyorda | Yengil kengayish. Koʻpincha oʻzi oʻtib ketadi, UTT bilan kuzatiladi |
| SFU II | Jom kengaygan, kosachalarning bir qismi koʻrinadi | Meʼyorda | Yengil kengayish. Aksariyat hollarda vaqt oʻtishi bilan kamayadi yoki oʻtib ketadi, UTT bilan kuzatiladi |
| SFU III | Jom va deyarli barcha kosachalar kengaygan | Qalinligi meʼyorda | Kuchli kengayish. Siydik oqimida toʻsiq boʻlishi mumkin: takroriy UTT, koʻpincha diuretik renografiya (MAG3) kerak boʻladi |
| SFU IV | III darajadagi kabi | Yupqalashgan | Eng ogʻir daraja. Buyrak shikastlanish xavfi bor: diuretik renografiya va bolalar urologi bahosi muhim, bir qismiga operatsiya kerak boʻladi |
Ikki tizim toʻliq mos kelmaydi: SFU APDni, siydik nayi va siydik pufagini hisobga olmaydi, shuning uchun bir tizimdagi darajani toʻgʻridan-toʻgʻri boshqasiga oʻtkazib boʻlmaydi. Qaror darajaga qarab emas, barcha topilmalar va ularning vaqt oʻtishi bilan oʻzgarishiga qarab qabul qilinadi.
Homiladorlikda aniqlangan boʻlsa, nima qilish kerak?
Homiladorlikda siydik yoʻllari nuqsonlarini oʻz vaqtida koʻrish uchun ikkita skrining UTT tavsiya etiladi: 11–14 va 17–22-haftalarda.
Homiladorlikda topilgan yengil kengayishda aksariyat hollarda hech qanday qoʻshimcha chora kerak emas: navbatdagi rejali UTTlarda oʻlcham kuzatib boriladi. Tugʻruq usuli odatda oʻzgarmaydi.
Quyidagi holatlar sinchkovroq kuzatuvni talab qiladi va tugʻruqdan oldin bolalar urologi bilan maslahatlashish foydali:
- ikkala buyrakda kuchli kengayish,
- siydik pufagining katta va devori qalin boʻlishi, ayniqsa oʻgʻil homilada,
- qogʻonoq suvining (amniotik suyuqlikning) kamayishi,
- yagona buyrak yoki buyrak toʻqimasidagi oʻzgarishlar.
Bunday holatlarda rejani jamoa tuzadi: homila tibbiyoti mutaxassisi, genetik, bolalar urologi va nefrologi, neonatolog, kerak boʻlsa psixolog. Ona qornidagi aralashuv (masalan, homilaning siydik pufagidan qogʻonoq suviga shunt qoʻyish) faqat tanlangan holatlarda koʻrib chiqiladi: siydikning siydik pufagidan chiqishi toʻsilganda (masalan, orqa uretra klapanida), ikkinchi trimestrda qogʻonoq suvi kamayganda va jiddiy genetik nuqsonlar istisno qilingandan keyin. Bitta buyrakdagi gidronefroz ona qornida aralashuvni talab qilmaydi.
Tugʻilgandan keyin: qanday tekshiruvlar va qachon?
Buyrak va siydik pufagi UTTsi birinchi qadamdir. Chaqaloq hayotining dastlabki 1–2 kunida organizmda suyuqlik nisbatan kam boʻlgani uchun kengayish aslidagidan kichikroq koʻrinishi mumkin, shu sababli UTT odatda 48 soatdan keyin, koʻpincha hayotning dastlabki haftalarida qilinadi. Aniq muddatini homiladorlikdagi topilmalarga qarab shifokor belgilaydi. Ogʻir holatlarda esa, yaʼni ikki tomonlama kengayishda, yagona buyrakda, homiladorlikda qogʻonoq suvi kam boʻlganda va orqa uretra klapaniga shubha boʻlganda, kutib boʻlmaydi: UTT tugʻilgandan soʻng darhol qilinadi.
Keyingi tekshiruvlar UTT natijasiga qarab tanlanadi:
- Miksion sistouretrografiya (MSUG). Siydik nayi kengaygan, kengayish ikki tomonlama boʻlsa, siydik pufagida oʻzgarish boʻlsa yoki isitmali infeksiya oʻtkazilgan boʻlsa, reflyuksni va siydik chiqarish kanalini tekshirish uchun.
- MAG3/DTPA renografiya. Kuchli kengayishda siydik buyrakdan yaxshi oqib ketayotganini va har bir buyrakning funksiyasini koʻrish uchun. Standart sharoitda (yetarli suyuqlik ichirilgan, siydik haydovchi dori bilan) odatda 4–6 haftalikdan keyin oʻtkaziladi.
Yengil kengayishi bor bolalarning koʻpchiligiga vaqti-vaqti bilan UTT qilib turish kifoya.
Davolash: kuzatuvmi yoki operatsiyami?
Gidronefrozning oʻzi davolanmaydi, uning sababi davolanadi. Aksariyat bolalarda faol kuzatuv eng toʻgʻri yoʻl: dastlabki 1–2 yilda kengayish kamayadi yoki oʻzgarmay qoladi, buyrak esa meʼyorida rivojlanadi.
Operatsiya odatda quyidagi holatlarda muhokama qilinadi:
- MAG3/DTPAda buyrakning ulushi 40%dan past boʻlsa yoki kuzatuv davomida 10 foiz punktidan koʻproq kamaysa (masalan, 48%dan 36%ga),
- siydik haydovchi doridan keyin siydik jomdan sust oqsa,
- kengayish takroriy UTTlarda ortib borsa, ayniqsa yuqori darajali (SFU III–IV) kengayishda,
- takroriy isitmali infeksiya, biqin ogʻrigʻi yoki tosh boʻlsa.
Qaror bitta oʻlchamga qarab emas, kengayish va buyrak funksiyasi vaqt oʻtishi bilan qanday oʻzgarayotganiga qarab qabul qilinadi.
PUS torayishida bajariladigan operatsiya pieloplastika. Uning muvaffaqiyati taxminan 90–95%. Reflyuks, megaureter va klapanlarni davolash tegishli sahifalarda alohida tushuntirilgan.
Kuzatuv qanday olib boriladi?
Kuzatuv jadvali kengayish darajasiga qarab har bir bolaga alohida tuziladi. Odatiy misol: tugʻilgandan keyingi birinchi UTTdan soʻng navbatdagisi 1–2 oylikda, keyin har 3–6 oyda bir marta, holat barqarorlashgani sari kamroq. Yengil kengayish butunlay yoʻqolganda kuzatuv toʻxtatiladi. UTD P2 va P3 esa uzoq muddatli xavf tugʻdirgani uchun bunday bolalar butun bolalik davomida vaqti-vaqti bilan kuzatib boriladi. Operatsiya qilingan bolalar uzoqroq, odatda bir necha yil kuzatiladi.
Kuzatuv davomida ota-onaning eng muhim vazifasi isitmaga jiddiy qarashdir: gidronefrozi bor chaqaloqda sababi nomaʼlum isitma chiqsa, siydik tahlili albatta topshirilishi kerak.
Qachon zudlik bilan murojaat qilish kerak?
Quyidagilardan biri boʻlsa, navbatdagi qabulni kutmang: shifokorga qoʻngʻiroq qiling yoki eng yaqin shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga boring.
- Gidronefrozi bor chaqaloqda 38 °C va undan yuqori isitma (siydik yoʻllari infeksiyasi boʻlishi mumkin)
- Oʻgʻil chaqaloqda siydik oqimining sust, tomchilab kelishi yoki siyishda kuchanish
- Kun davomida siydik juda kam, qusish, holsizlik
- Kattaroq bolada toʻsatdan boshlangan, qusish bilan kechadigan biqin yoki qorin ogʻrigʻi
Pediatr va oilaviy shifokor uchun eslatma
Antenatal gidronefrozli chaqaloqda birinchi UTT 48 soatdan oldin oʻtkazilmasligi kerak, chunki dastlabki kunlardagi nisbiy degidratatsiya kengayishni yashirishi mumkin. Istisnolar: ikki tomonlama kengayish, yagona buyrak, qogʻonoq suvining kamligi (oligogidramnion), devori qalinlashgan siydik pufagi yoki oʻgʻil bolada orqa uretra klapaniga shubha; bu holatlarda UTT tugʻilgandan soʻng darhol qilinadi va bola zudlik bilan bolalar urologiga yoʻllanadi. Diuretik renografiya (MAG3) standart sharoitda hayotning 4–6-haftasidan keyin oʻtkaziladi. Simptomsiz pieloureteral segment (PUS) torayishida antibiotik profilaktikasi muntazam tayinlanmaydi; uni xatna qilinmagan goʻdaklarga, gidroureteronefroz va yuqori darajali gidronefrozda taklif qilish mumkin. UTD P2 va P3 uzoq muddatli xavf tugʻdiradi va butun bolalik davomida kuzatuvni talab qiladi. Isitmasi bor goʻdakda siydik tahlili birinchi tekshiruvlardan biri boʻlishi kerak.
Qabulda nima qilinadi?
- Homiladorlik paytida va tugʻilgandan keyin qilingan barcha UTT natijalari birga baholanadi: kengayishning darajasi va oʻzgarish dinamikasi alohida raqamlardan muhimroq.
- Buyrak va siydik pufagi UTTsi takrorlanadi: buyrak jomining oldingi-orqa oʻlchami, kosachalar, buyrak toʻqimasining qalinligi va siydik nayi koʻriladi.
- Kerak boʻlsa, MSUG (reflyuksni tekshirish uchun) yoki MAG3/DTPA (siydik oqimi buzilganmi va buyrak qanday ishlayapti, buni koʻrish uchun) rejalashtiriladi.
- Kuzatuv jadvali, antibiotik profilaktikasi kerak yoki kerak emasligi va qaysi belgilarda shoshilinch murojaat qilish lozimligi tushuntiriladi.
Koʻp beriladigan savollar
Homiladorlikda UTTda buyrak kengayishi topildi. Bola kasal tugʻiladimi?
Aksariyat hollarda yoʻq. Tugʻilishdan oldin topilgan yengil kengayishlarning katta qismi tugʻilgandan keyin yo oʻtib ketadi, yo hech qanday muammo tugʻdirmasdan kuzatib boriladi. Bu topilma odatda tugʻruq usuli va muddatini oʻzgartirmaydi.
Buyrak jomi 8 mm. Bu meʼyormi?
Raqamni yoshdan ajratib baholab boʻlmaydi. Homiladorlikning 28-haftasidan keyin 7 mm va undan katta, lekin 10 mm dan kichik oʻlcham past xavf guruhiga kiradi. Tugʻilgandan keyin boshqa oʻzgarish boʻlmasa, 10 mm dan kichik oʻlcham meʼyor boʻlishi mumkin; 10 mm va undan katta oʻlcham esa UTD boʻyicha alohida baholanadi. Kosachalar va siydik nayining kengayishi, buyrak toʻqimasining yupqalashuvi raqamning oʻzidan muhimroq.
Bolaga antibiotik berishimiz kerakmi?
Hammaga emas. Shikoyatsiz gidronefrozda antibiotik muntazam berilmaydi. Profilaktika asosan ogʻir gidronefrozda, siydik nayi kengayganda, reflyuksda va xatna qilinmagan oʻgʻil goʻdaklarda infeksiya xavfini kamaytirish uchun har bir bolaga alohida qarab taklif qilinadi.
Gidronefroz buyrakni butunlay ishdan chiqarishi mumkinmi?
Oʻz vaqtida aniqlanib, kuzatib borilsa, bu kamdan-kam uchraydi. Aynan shuning uchun kuchli yoki ortib borayotgan kengayishda buyrak funksiyasi MAG3/DTPA bilan tekshiriladi va funksiya pasaya boshlaganda operatsiya qilinadi.
Mavzuga oid
- Pieloureteral segment torayishiBuyrak jomi bilan siydik nayi orasidagi torayish, PUS obstruksiyasiKasallik
- MegaureterSiydik nayining tugʻma kengayishiKasallik
- Vezikoureteral reflyuksPufak-siydik nayi reflyuksi, VURKasallik
- Orqa uretra klapaniSiydik chiqarish kanalidagi tugʻma parda, PUVKasallik
- PieloplastikaAnderson-Hynes pieloplastikasi, laparoskopik va robotik pieloplastikaOperatsiya
- Buyrak va siydik pufagi UTTsiUltratovush tekshiruvi, exografiya, UZITekshiruv
- MAG3/DTPA renografiyaDinamik buyrak sintigrafiyasi, diuretik renografiya, DTPA sintigrafiyaTekshiruv
- Obstruktiv uropatiyalar va antenatal gidronefrozShifokorlar uchun
Manbalar
- EAU Guidelines on Paediatric Urology, 2026: Dilatation of the upper urinary tract (UPJ and UVJ obstruction).
- EAU Guidelines on Paediatric Urology, 2026: Foetal urology.
- Nguyen HT et al. Multidisciplinary consensus on the classification of prenatal and postnatal urinary tract dilation (UTD classification system). J Pediatr Urol, 2014.
- Fernbach SK et al. Ultrasound grading of hydronephrosis: introduction to the system used by the Society for Fetal Urology. Pediatr Radiol, 1993.
Ushbu sahifa maʼlumot berish maqsadida tayyorlangan. Bolangizni davolash haqidagi qaror koʻrikdan soʻng shifokor bilan birgalikda qabul qilinadi.
Yangilangan: