Gidrotsele nima?
Ona qornidaligida moyak (testis) qorin boʻshligʻidan yorgʻoqqa (skrotumga) tushayotganda qorin pardasining qinsimon oʻsimtasini (processus vaginalis) oʻzi bilan pastga tortib tushadi. Odatda bu kanal tugʻilishdan oldin yoki tugʻilgandan keyin qisqa vaqt ichida yopiladi. Yopilmasa, qorin boʻshligʻidan suyuqlik moyak atrofiga oqib tushadi va yorgʻoq kattalashadi. Bu holat gidrotsele (moyak istisqosi) deyiladi.
Yangi tugʻilgan oʻgʻil bolalarning taxminan 5–10%ida gidrotsele boʻladi va ularning aksariyatida birinchi 1–2 yilda oʻz-oʻzidan oʻtib ketadi.
Turlari
- Qorin boʻshligʻi bilan tutashmagan (oddiy) gidrotsele: kanal yopilgan, suyuqlik moyak atrofida qolgan. Oʻlchami oʻzgarmaydi, koʻpincha oʻz-oʻzidan soʻrilib ketadi.
- Qorin boʻshligʻi bilan tutashgan (kommunikatsiyalanuvchi) gidrotsele: kanal ochiq, suyuqlik qorin va yorgʻoq oʻrtasida harakatlanadi. Ertalab kichik, kechqurun yoki bola yigʻlaganda katta boʻladi. Chov churrasiga aylanishi mumkin.
- Urugʻ tizimchasi kistasi: suyuqlik moyakdan yuqorida, urugʻ tizimchasi boʻylab kichik kista shaklida yigʻiladi.
Belgilari
- yorgʻoqning bir yoki ikki tomonida ogʻriqsiz kattalashish,
- shish yumshoq, tarang emas,
- oʻlchami kun davomida oʻzgarishi mumkin,
- chiroq tutilganda yorgʻoq yorugʻlikni oʻtkazadi.
Gidrotselemi yoki chov churrasimi?
Ikkalasining sababi bir xil: ona qornida yopilishi kerak boʻlgan kanal (processus vaginalis) ochiq qolgan. Farq kanaldan nima oʻtishida.
Shoshilinch: chovda qattiq, ogʻriqli va joyiga qaytmaydigan boʻrtma, qusish, yorgʻoqda toʻsatdan ogʻriq yoki qizarish. Darhol eng yaqin shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga boring.
Tashxis
Tashxis odatda koʻrik orqali qoʻyiladi. Moyak yaxshi paypaslanmasa, gidrotsele juda tarang boʻlsa yoki oʻsmirda yangi paydo boʻlgan boʻlsa, moyakni baholash uchun UTT qilinadi.
Davolash
- Chaqaloqlarda oddiy gidrotsele 1–2 yoshgacha kuzatiladi.
- Oʻlchami kun davomida oʻzgaradigan (qorin boʻshligʻi bilan tutashgan) gidrotsele urologik baholashni talab qiladi. Chaqaloqda faqat oʻlchamning oʻzgarishi har doim ham erta operatsiyani anglatmaydi.
- Operatsiya quyidagi hollarda muhokama qilinadi: gidrotsele 1–2 yoshdan keyin oʻtmasa, juda katta va tarang boʻlsa, chov churrasi bilan birga boʻlsa yoki moyakda patologiya gumon qilinsa. Muddat gidrotsele saqlanib qolishi, yonma-yon churra va moyak holatiga qarab tanlanadi.
Tutashgan gidrotseleda operatsiya odatda chov orqali bajariladi: ochiq qolgan kanal bogʻlanadi, suyuqlik chiqarib yuboriladi. Bu kattalardagi gidrotsele operatsiyasidan farq qiladi. Oʻsmirlarda uchraydigan orttirilgan, tutashmagan gidrotseleda esa yondashuv boshqacha boʻlishi va yorgʻoq orqali kirish tanlanishi mumkin. Batafsil: chov churrasi va gidrotsele operatsiyasi.
Suyuqlikni igna bilan tortib olish bolalarda tavsiya etilmaydi: suyuqlik yana yigʻiladi va infeksiya xavfi bor.
Oʻsmirlarda gidrotsele
Oʻsmirlik yoshida yangi paydo boʻlgan gidrotsele baʼzan boshqa muammoning belgisi boʻlishi mumkin: shikastlanish, yalligʻlanish, varikotsele operatsiyasidan keyingi holat yoki kamdan-kam hollarda moyak oʻsmasi. Shuning uchun oʻsmirdagi gidrotsele albatta UTT bilan tekshiriladi.
Qachon zudlik bilan murojaat qilish kerak?
Quyidagilardan biri boʻlsa, navbatdagi qabulni kutmang: shifokorga qoʻngʻiroq qiling yoki eng yaqin shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga boring.
- Yorgʻoqda toʻsatdan ogʻriq, qizarish yoki qattiqlashish
- Chovda qattiq, ogʻriqli va joyiga qaytmaydigan boʻrtma, qusish (qisilgan churra boʻlishi mumkin)
Pediatr va oilaviy shifokor uchun eslatma
Bolalarda gidrotsele deyarli har doim ochiq qolgan qorin pardasining qinsimon oʻsimtasi (processus vaginalis) bilan bogʻliq. Oʻlchamning kun davomida oʻzgarishi qorin boʻshligʻi bilan tutashgan (kommunikatsiyalanuvchi) shaklni koʻrsatadi va urologik baholashni talab qiladi; chov churrasidan farqlash kerak. Operatsiya yoshi gidrotsele saqlanib qolishi, yonma-yon churra va moyak patologiyasiga qarab tanlanadi. Oʻlchami barqaror, tarang boʻlmagan gidrotseleni 12–24 oygacha kuzatish mumkin. Oʻsmirda yangi paydo boʻlgan gidrotsele moyak oʻsmasi, buralishi yoki yalligʻlanishini istisno qilish uchun UTTni talab qiladi.
Qabulda nima qilinadi?
- Yorgʻoq va chov koʻrikdan oʻtkaziladi, yorugʻlik oʻtkazish testi (diafanoskopiya) bajariladi.
- Gidrotsele chov churrasidan farqlanadi va moyakning holati baholanadi.
- Zarur boʻlsa UTT, soʻngra kuzatuv yoki operatsiya rejasi muhokama qilinadi.
Koʻp beriladigan savollar
Gidrotsele moyakka zarar yetkazadimi?
Oddiy gidrotsele moyakka zarar yetkazmaydi va ogʻriq bermaydi. Oʻlchami oʻzgarib turadigan gidrotsele kanal ochiq qolganini koʻrsatadi: bunday bolada chov churrasi boʻlishi yoki paydo boʻlishi mumkin, shuning uchun uni bolalar urologi koʻrishi kerak.
Operatsiya qanday bajariladi?
Bolalarda chov burmasidagi kichik kesma orqali ochiq qolgan kanal bogʻlanadi va suyuqlik chiqarib yuboriladi. Operatsiya 20–40 daqiqa davom etadi, bola oʻsha kuniyoq uyga ketadi.
Mavzuga oid
- Chov churrasiIngvinal churra, chovda boʻrtmaKasallik
- Tushmagan moyakKriptorxizm, yorgʻoqda boʻlmagan moyakKasallik
- Moyak buralishiMoyak torsiyasi, oʻtkir moyak ogʻrigʻiKasallik
- Chov churrasi operatsiyasiGerniotomiya, laparoskopik churra operatsiyasiOperatsiya
- VarikotseleYorgʻoqdagi kengaygan venalarKasallik
- Epididim kistasiSpermatotsele, moyak ortigʻi kistasiKasallik
- Oʻtkir yorgʻoq (oʻtkir skrotum): moyak buralishi va unga oʻxshash holatlarShifokorlar uchun
- Chov churrasi va gidrotseleShifokorlar uchun
- Oʻsmirlarda varikotseleShifokorlar uchun
Manbalar
Ushbu sahifa maʼlumot berish maqsadida tayyorlangan. Bolangizni davolash haqidagi qaror koʻrikdan soʻng shifokor bilan birgalikda qabul qilinadi.
Yangilangan: