Bolalar urologiyasiDr. Parviz Hojiyev

Bolalar urologiga qachon yoʻllash kerak

Pediatr va oilaviy shifokor uchun qisqa eslatma: qaysi hollarda bolani bolalar urologiga shoshilinch, qaysilarida bir necha kun yoki 1–2 hafta ichida, qaysilarida esa rejali tartibda yoʻllash kerak.

Shoshilinch: darhol yoki oʻsha kuni

Moyakda toʻsatdan paydo boʻlgan ogʻriq, parafimoz, qisilgan churra, siydik tutilishi, sepsis belgilari yoki siydik pufagi augmentatsiyasidan keyin qorin ogʻrigʻi boʻlgan bola darhol shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga yuboriladi. Qandli diabetga shubha, yangi tugʻilgan chaqaloqda klapanga shubha va jinsiy aʼzolarning noaniq tuzilishi oʻsha kuni mutaxassis koʻrigini talab qiladi. Vizualizatsiya natijalarini kutish davolashni kechiktirmasligi kerak.

  • Toʻsatdan boshlangan moyak yoki yorgʻoq ogʻrigʻiAksi isbotlanmaguncha buralish deb hisoblanadi. Moyakni saqlab qolish uchun dastlabki 6 soat hal qiluvchi ahamiyatga ega; UTT jarroh koʻrigini kechiktirmasligi kerak
  • ParafimozOrqaga surilgan va shishgan kertmak (sunnat terisi) oʻz joyiga qaytmaydi
  • Qisilgan chov churrasiOgʻriqli, qattiq, oʻz joyiga qaytmaydigan boʻrtma, qusish
  • Oʻtkir siydik tutilishi
  • Yangi boshlangan siydik tuta olmaslik bilan birga poliuriya, polidipsiya va ozib ketishQandli diabetga shubha: oʻsha kuni pediatr koʻrigi va qondagi glyukozani aniqlash
  • Yangi tugʻilgan oʻgʻil bolada orqa uretra klapaniga shubhaIkki tomonlama gidroureteronefroz, devori qalinlashgan siydik pufagi, siydik oqimining sustligi, anamnezda qogʻonoq suvining kamligi (oligogidramnion)
  • Jinsiy aʼzolarning noaniq tuzilishi, ikki tomonlama paypaslanmaydigan moyaklar, proksimal gipospadiya bilan birga kriptorxizmEndokrinolog bilan birgalikda; adrenal kriz (buyrak usti bezi krizi) xavfi
  • Febril SYI bilan birga obstruksiya, yagona buyrak yoki sepsis
  • Augmentatsiya qilingan siydik pufagi boʻlgan bemorda yangi paydo boʻlgan qorin ogʻrigʻi, qorin dam boʻlishi yoki isitmaPerforatsiya istisna qilinmaguncha

Tez orada: bir necha kun yoki 1–2 hafta ichida

Holat hayot uchun xavfli emas, ammo kechikish buyrak yoki moyakka zarar yetkazishi mumkin. Moyakdagi qattiq hosila bir necha kun ichida, qolgan holatlar 1–2 hafta ichida baholanadi.

Rejali yoʻllanma

Davolashning maqbul muddatini oʻtkazib yubormaslik uchun koʻrsatilgan yoshda yoʻllang.

  • Tushmagan moyak6 oylikda (korreksiyalangan yosh) moyak hali yorgʻoqda boʻlmasa; orttirilgan shaklida darhol
  • GipospadiyaTugʻilgandan keyingi dastlabki oylarda; xatna qilmang
  • Gidrotsele1–2 yoshdan keyin saqlanib qolsa. Hajmining kun davomida oʻzgarishi qorin boʻshligʻi bilan tutashuvdan dalolat beradi va urologik baholashni talab qiladi; operatsiya muddati gidrotselening saqlanib qolishi, yondosh churra va moyak patologiyasiga qarab tanlanadi
  • Simptomatik fimozOgʻriqli siyish yoki siydik oqimining sustligi, oq chandiq, takroriy yalligʻlanish, toʻgʻri oʻtkazilgan davoga javob boʻlmasligi. Siyish paytida kertmakning faqat pufakdek shishishi yoʻllanma uchun sabab boʻlmaydi
  • Vezikoureteral reflyuks, takroriy SYI
  • Tungi enurezXavf belgilari boʻlmagan va birinchi qator davoga javob bermagan enurez. Xavf belgilari boʻlsa, shoshilinchlik sababga qarab belgilanadi
  • Kunduzgi siydik tuta olmaslik3–6 oylik uroterapiyaga javob boʻlmasa
  • Oʻsmirda varikotseleOgʻriq, moyakning kichrayishi yoki asimmetriya
  • Kichik koʻrinadigan jinsiy olatYashirin jinsiy olatni mikropenisdan farqlash uchun
  • Simptomatik labial sinexiya

Nima qilmaslik kerak

  • Kertmakni kuch bilan orqaga surmang: fiziologik fimoz meʼyoriy holat.
  • Gipospadiyasi bor bolani xatna qilmang: kertmak rekonstruksiyada ishlatiladi.
  • Tushmagan moyakda UTT va gormonal davolashga vaqt yoʻqotmang.
  • Oʻtkir moyak ogʻrigʻida UTT natijasini kutib, jarroh koʻrigini kechiktirmang.
  • Bakteriologik ekma uchun siydik qopchasidan foydalanmang va qopchadan olingan namunaning musbat natijasiga koʻra SYI tashxisini qoʻymang: qopcha faqat manfiy natijada SYIni istisna qilishga yordam beradi.
  • Febril SYIda nitrofurantoin qoʻllamang.
  • Febril SYIda ekma yoki vizualizatsiya natijasini kutib antibiotikni kechiktirmang va MSUGni oʻtkir infeksiya davrida oʻtkazmang.

Yoʻllanmaga nimalarni ilova qilish kerak

  • Barcha UTT xulosalari, iloji boʻlsa tasvirlar yoki disk
  • Siydik tahlili va ekma natijalari (namuna qanday olingani koʻrsatilgan holda)
  • Siydik tuta olmaslikda 48 soatlik siyish kundaligi
  • Avvalgi xulosalar, operatsiya bayonnomalari, qabul qilinayotgan dorilar

Maslahat

Bemorni muhokama qilish yoki bolani qabulga yozdirish uchun WhatsAppga yozing.

WhatsApp

Manbalar

Materiallar tibbiyot mutaxassislari uchun moʻljallangan. Muayyan bemor boʻyicha qarorni davolovchi shifokor qabul qiladi.

WhatsApp orqali qabulga yoziling